O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 18 oktyabrdagi qarori bilan rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash, topshirish hamda qayta ishlashning yagona tizimi tasdiqlandi.

«Toshkent rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi» «O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi"ga aylantirildi. Endilikda ushbu korxona mamlakat hududida rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash va topshirish bilan shug‘ullanuvchi yagona muassasa hisoblanadi.

«O‘zikkilamchiranglimetall» Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiritildi.

Hujjatda tarkibida rangli metallar bo‘lgan uskunalar, parchalar va chiqindilarni qabul qiladigan noqonuniy punktlar faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning ularni to‘plash, tayyorlash, saqlash, foydalanish hamda topshirish bo‘yicha noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, tashkilotlar, muassasalar, qurilish maydonlari va boshqa ob’ektlarda tarkibida rangli metallar bo‘lgan uskunalar, parchalar va chiqindilarni, shu jumladan qabristonlardagi rangli metallardan tayyorlangan yodgorliklar hamda panjaralarning o‘g‘irlanishi, ularga zarar yetkazilishi va noqonuniy muomalada bo‘lishining oldini olish bo‘yicha choralar kuchaytirilishi lozim.