O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga Sazerland Springs shahridagi Birinchi Baptist cherkovida sodir etilgan shafqatsiz jinoyat oqibatida ko‘plab ibodatchilarning qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik maktubini yo‘lladi, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

«O‘zbekistonda bunday oqlab bo‘lmas, har qanday ko‘rinishdagi g‘ayri insoniy va shafqatsiz zo‘ravonlik harakatlari qat’iy qoralanadi», — deyiladi hamdardlik maktubida.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chin dildan hamdardlik izhor etdi hamda barcha jarohat olganlarga tez fursatlarda sog‘ayib ketishlarini tiladi.

Yakshanba kuni cherkovda sodir etilgan otishma oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi va 20 kishi jarohatlandi. Qotil — 26 yoshli Devin Kelli — keyinroq o‘lik holda topilgan. Xabarlarga ko‘ra, u AQSH HHKda xizmat qilgan, biroq ayol va bolasiga hujum qilgani sababli ishdan bo‘shatilib, sudlangan.