O‘zbekiston bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirishga asoslangan nodavlat byudjetdan tashqari notariatni joriy etishni rejalashtirmoqda. 2018 yil 1 yanvardan boshlab davlat notarial idoralari nodavlat idoralarga aylantirib boriladi. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Prezident qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Mamlakatda notariat institutini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari qatorida «notarial faoliyatning samarali, shaffof tizimini» yaratish va notariuslarni muntazam attestatsiyadan o‘tkazish tartiblarini joriy etishdan iborat. Notariatlarni halol va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga erishish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Notarial idoralarni moliyalashtirishning adolatli sharoitlarini yaratish orqali notariuslarning o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatishlariga erishish rejalashtirilgan.

Bahssiz da’volar bo‘yicha sud qarorlarini chiqarish amaliyotini qisqartirish hisobiga qarzdordan pul mablag‘lari va mol-mulkni undirish to‘g‘risidagi notariuslar ijro qaydlarini joriy etishni kengaytirish belgilangan. Bu sud tizimida ish hajmining sezilarli darajada qisqarishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Notarial palatasini ta’sis etish va barcha notariuslarning unga majburiy ravishda a’zo bo‘lishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Nodavlat palata notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Farmon loyihasida 2018 yil 1 iyulidan O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotnomalarni taqdim etish haqidagi talab bekor qilinadi. Zarur ma’lumotlar faqatgina idoralararo elektron aloqani qo‘llash yoki kommunal qarzdorlikni qoplash to‘g‘risida tomonlarning yozma xatini olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.