Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi real vaqt rejimida biror joyning o‘zida fuqarolar shaxsini aniqlash bo‘yicha sinov loyihani boshladi. Bunda planshet kompyuterlaridan foydalaniladi. Ushbu loyiha haqida payshanba kuni bo‘lib o‘tgan har haftalik brifingda IIBB Patrul-post xizmati brigada komandiri o‘rinbosari podpolkovnik Aziz Sultonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, planshetlar yordamida nafaqat fuqarolarning yashash joyi, balki barmoq izi yoki yuzni tanish texnologiyalari yordamida ularning shaxsi ham aniqlanadi. Loyiha «Xavfsiz shahar» konsepsiyasining bir qismi bo‘ladi.

Planshetlar yordamida ichki ishlar organlari xodimlari navbatchilik qismi bilan bog‘lanib, fuqaroning ismi va familiyasi bo‘yicha sudlanganlik mavjudligini, shaxsning qidiruvda emasligi yoki bedarak yo‘qolmaganini aniqlashi mumkin.

IIBB vakili O‘zbekiston IIV tuzilmalarida «tezda kompyuterlashtirish» jarayoni kechmoqda. «Bularning barchasi xodimlarning mobil, tez va samarali ishlashlari uchun qilinmoqda. Ular bir kishining shaxsini aniqlash uchun ikki soat emas, balki besh daqiqa sarflashlari uchun. Sinov loyihasi davomida biz eng maqbulini tanlab olish uchun turli uskunalarni testdan o‘tkazamiz», — dedi Aziz Sultonov.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, planshetlar xorijdan keltirilishi mumkin, ammo dasturiy ta’minot mahalliy bo‘ladi.

Jurnalistlarningыsavollariga javob bergan Aziz Sultonov Toshkentda kechki vaqtlarda ko‘cha va jamoat joylarida yurish taqiqlanmaganini ma’lum qildi.

«Fuqarolar kechasi ko‘chalarda muammosiz yurishlari, sayr qilishlari, ishga borishlari, undan qaytishlari mumkin. Ichki ishlar organlarining kechki vaqtlarda o‘tkazayotgan tadbirlari profilaktik ahamiyatga ega bo‘lib, huquqbuzarliklardan ogohlantirishga qaratilgan», — dedi u.

Bunday tadbirlar doirasida jinoyat sodir etishga moyil, shubha uyg‘otuvchi va «bemaqsad sayr qiluvchi» kishilar tekshiriladi.

Profilaktik tadbirlar va yangi texnologiyalardan foydalanish hisobiga joriy yil 10 oy davomida 146 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi, PPX xodimlari 1443 jinoyatni ochib, 250 tasini oldindan bartaraf etdi, shuningdek 138,8 ming huquqbuzarlik aniqlandi.

AKTdan foydalanish bo‘yicha Toshkent tajribasi bosqichma-bosqich O‘zbekistonning barcha viloyatlarida tatbiq etiladi.