O‘zbekiston Belarus poytaxti Minsk shahrida mamlakat elchixonasini ochadi. Yaqin vaqtlarda elchining tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus bosh vaziri Andrey Kobyakov bilan 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993 yilda o‘rnatilgan. Belarusning Toshkentdagi elchixonasi 1994 yil fevralida ochilgan.

Belarus Vazirlar Kengashi sayti ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda turli sohalarda o‘zbek-belarus hamkorligini kengaytirish hamda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning Minskda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlash rejalashtirmoqda. Belarus o‘zbek tomoniga savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida yangi shartnoma imzolashni taklif qilmoqda.

2017 yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qayta tiklanishni boshladi. Yanvar-avgust oylarida u 2016 yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobarga oshdi.