Toshkent viloyatidagi «Ohangaronsement» AJ bazasida «quruq» yo‘l bilan energosamarador ishlab chiqarish bo‘yicha zavod quriladi. Mazkur zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 3 million tonnani tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish tartiblari to‘g‘risidagi kelishuv 2 noyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari huzurida «O‘zqurilishmateriallari» boshqaruvi raisi Botir Zaripov va «Yevrotsement grup» direktorlar kengashi raisi Filaret Galchev tomonidan imzolandi.

«Yevrotsement grup» matbuot xizmatining xabar qilishicha, yangi zavod mintaqadagi eng yirik sement ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lib, Yevropa ishlab chiqaruvchilarining yuqori texnologik uskunalari bilan jihozlanadi.

Loyihada loyihalashtirish, qurilish, uskunalarni yetkazib berish, tayyorlash va montaj qilish, shuningdek xodimlarni o‘qitish bo‘yicha ishlarni tenderda pudratchi sifatida g‘olib bo‘lgan Beijing Triumph International Engineering So. (CNBM sanoat guruhi tarkibiga kiradi, XXR) kompaniyasi amalga oshiradi. Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma qiymati 160 mln dollardan ziyodroqni tashkil etadi. Loyiha 2020 yilda ishga tushadi.

Ayni paytda «Ohangaronsement» AJning ishlab chiqarish quvvati yiliga 2 mln tonnani tashkil etadi.