O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Alisher Sultonov bosh vazir o‘rinbosari — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi. U 2015 yil yozidan buyon ishlab kelayotgan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimini ham saqlab qoldi.

Dekabrdan bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan G‘ulomjon Ibragimov Shukurullo Boboyev o‘rniga Toshkent viloyati hokimi v. b. bo‘ldi. Viloyat ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, Shukurullo Boboyev «faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar va hisobot ko‘rsatkichlaridagi xatoliklar sababli» lavozimidan ozod qilingan.

Xuddi shunday sabab bilan Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov ham bir yildan kamroq vaqt ishlagan mansabidan mahrum qilindi. Uning o‘rnini Arnasoy tumanining sobiq hokimi Ergash Soliyev egalladi.

Shuningdek, Toshkent va Jizzax viloyatlari prokurorlari Jamshid Fayziyev va Azimjon Ergashev ham lavozimidan chetlatildi. Azimjon Ergashev o‘rniga Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari Islomjon Ergashxo‘jayev egalladi.