O‘zbekiston TIV huzuridagi «Jahon» Axborot agentligi Sayfullo Soipov to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi. 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda terakt sodir etganlikda gumon qilinmoqda. «O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari mazkur gumonni tasdiqlaydi», — deyiladi xabarda.

Soipov Sayfulla Xabibulayevich 1988 yil 8 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 2005 yilda kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005—2009 yillarda Toshkent moliya institutida ta’lim olgan. OTMni tamomlaganidan so‘ng poytaxtdagi «Sayohat» mehmonxonasida buxgalter lavozimida ishlagan. AQSHga ketguniga qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushmagan.

2010 yilda Soipov grin-karta lotoreyasini yutib oladi va shu yilning o‘zida AQSHga ketadi. So‘nggi bir necha yil davomida u AQSHda vaqtincha yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol bilan shar’iy nikohda bo‘lgan. O‘tgan vaqt ichida Soipov biror marta O‘zbekistonga kelmagan va Toshkentda yashayotgan ota-onasi bilan uchrashmagan.

AQSHda bo‘lib turgan vaqtda Soipov O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatida turmagan.

«Mahallasidagi qo‘shnilari Sayfullo Soipovga juda ijobiy tavsif berishdi: ularning so‘zlariga ko‘ra, u hech qanday shubha uyg‘otmagan, har doim o‘zini vazmin, boshqalarga nisbatan do‘stona tutgan. Risoladagi oilada tarbiya topgan. Uning ota-onasi an’anaviy islomga e’tiqod qilishgan va hech qachon qandaydir ekstremistik oqimlar bilan aloqa qilishgani sezilmagan», — deyiladi xabarda.

«Sayfullo Soipov AQSHga borganidan so‘ng odamovi bo‘lib qolgan, radikal guruhlar ta’siriga tushgan. Bu haqda Amerika OAVlari ham uni tanigan odamlarga tayanib xabar qilmoqda», — deya qayd etiladi xabarda.