O‘zbekiston Jahon banki Guruhining tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha «Biznesni yuritish-2018» (Doing Business 2018) reytingida uchinchi bor dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoridan o‘rin oldi.

Joriy yilgi mavzusi «Ish o‘rinlarini yaratish uchun islohotlar qilish» bo‘lgan yangi hisobotda O‘zbekiston o‘tgan yilgi 87-o‘rindan 13 pog‘ona yuqorilab, 74-o‘rinni band etdi.

Reyting tuzuvchilari mamlakat reytingini yaxshilashga xizmat qiluvchi biznes sohasidagi beshta islohotni qayd etishadi. Ular biznesni ro‘yxatga olish, qurilish uchun ruxsatnoma olish, minoritar investorlarni himoya qilish, soliqqa tortish va elektr ta’minoti tizimiga ulanish sohalaridagi o‘zgarishlarni baholaydi.

JBning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk chorshanba kuni Toshkentdagi taqdimot hisobotida hukumatning mamlakatda islohotlarni amalga oshirish maqsadidagi ishonchli choralarini ta’kidlab o‘tdi. U tadbirkorlar hamon qiyinchiliklarga duch kelayotgan viloyatlarda islohotlarni davom ettirishi lozimligini qayd etdi.

Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatga olish uchun yangi platforma ishga tushirilishi sharofati bilan biznesni boshlash osonlashdi, bunda jarayonlar 4 tadan 3 taga kamaytirildi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston global reytingda 11-o‘rinni egallaydi.

15 yil muqaddam yangi biznesni ro‘yxatga olish 10 ta jarayon, 28 kun va aholi jon boshiga daromadning 14 foizini (u 2220 AQSH dollariga baholanadi) talab qilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 3 ta jarayon, 5 kun va aholi jon boshiga daromadning 3 foizini tashkil etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston reytingda xalqaro savdo indikatori va qurilishga ruxsat olish mezonlarida ortda qolmoqda. Joriy yildagi ruxsat olishni yengillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlarga qaramasdan, bu jarayon hamon 17 ta turli jarayon va 246 kunni talab qilmoqda.

Global reytingda Yangi Zelandiya birinchi o‘rinni egallagan, keyingi pog‘onalarda esa Singapur, Daniya, Koreya Respublikasi, Gongkong (Xitoy), AQSH, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Gruziya va Shvetsiya bormoqda.