Poytaxtda dushanba kuni «Toshkent-Andijon (O‘zbekiston)-O‘sh-Irkeshtom (Qirg‘iziston)-Qoshg‘ar (Xitoy)» yo‘nalishi bo‘ylab xalqaro sinov avtosafari boshlandi.

Marosimda uch mamlakat hukumati vakillari so‘zga chiqdi. Ular «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» transport koridorining ishga tushirilishi tashqi savdoni diversifikatsiya qilish va mintaqaga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Tashqi savdo vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, sinov avtosafarida uch mamlakatdan to‘qqizta avtomashina ishtirok etadi. Avtokarvon jami 900 km masofani bosib o‘tadi. Ushbu masofaning 260 kilometri Qirg‘iziston, 250 kilometri esa Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur avtonom tumani hududidan o‘tadi.

Avtokarvon ushbu masofani qulay ob-havo sharoitida va chegaradan o‘tishlarda navbatlarsiz 50−60 km/s tezlikda ikki kun ichida bosib o‘tadi.

Qirg‘izistondagi Saritash shaharcha-posyolkasi va Irkeshtom dovoni (dengiz sathidan 3000 m balandlikda) kabi nuqtalar Farg‘ona vodiysidan Xitoyga olib boruvchi avtomobil yo‘lining eng murakkab qismlari hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tashuvlar asosan Qozog‘iston-Xitoy o‘tkazish punktlari orqali temir yo‘l transporti yordamida amalga oshiriladi. Bu xarajatlar va tashish vaqtlarining sezilarli darajada ortishiga olib kelmoqda.

Bitta konteynerning 1570 km masofa orqali temir yo‘l orqali olib kelish xarajati 2600 dollarni tashkil etsa, yangi ochilayotgan avtomobil yo‘nalishida Andijon gacha bo‘lgan 600 km masofada bu xarajatlar 20 foiz arzonroqqa tushadi.

Yangi koridor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11−13 may kunlari Xitoyga uyushtirgan davlat tashrifi jarayonida erishilgan xalqaro avtomobil almashinuvi to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv samarasi hisoblanadi.