O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yer usti xalqa metro liniyasi qurilishi bilan tanishdi, deya xabar qildi O‘zA.

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi.

2017−2021 yillarga mo‘ljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan ushbu qismda sakkizta bekat bunyod etilishi mo‘ljallanmoqda.

Ikkinchi bosqich Qo‘yliq bozori bilan «Olmazor» bekatini bog‘laydi. Uchinchi bosqichda «Olmazor"dan «Beruniy» bekatigacha bo‘lgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot «Beruniy"dan «Bodomzor» bekatigacha quriladi, so‘nggi bosqichda «Do‘stlik» bekatiga ulanadi.

Ayni paytda estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish ishlari boshlandi. Qurilish «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko‘prik qurilish tresti» unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

«Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz bo‘lgan mazkur transport tarmog‘i barpo etilishi poytaxtimiz uchun ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident yangi liniyani 2020 yilgacha foydalanishga topshirishga ko‘rsatma berdi.

Xuddi shu kuni davlat rahbari Tashkent City xalqaro biznes markazi bo‘ladi. Mazkur zamonaviy kompleks poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent Cityda biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar quriladi.

Hozirgi kunda hududni qurilishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Markazni loyihalashtirish va qurishga mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzurida Tashkent Sity xalqaro biznes markazi hududidagi ob’ektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya tuzilgan.

Prezident Toshkent bo‘ylab safari jarayonida Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari kesishgan joyda qurilgan yo‘l o‘tkazgichni ham borib ko‘rdi. 2008 yilda demontaj qilingan mazkur uchastka davlat rahbari topshirig‘i bilan yoz davomida qaytadan qurilgan edi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanida qurib bitkazilgan «Ashxobod saylgohi"ni borib ko‘rdi. Umumiy maydoni 10 gektardan ortiq bo‘lgan ushbu saylgohga kiraverishda katta favvora qurilgan. Manzarali daraxtlar o‘tqazilib, o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Prezident saylgoh atrofi, unga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.