O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga davlat tashrifi doirasida payshanba kuni Istanbulga tashrif buyurdi. O‘zA xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Turkiya bosh vaziri Binali Yildirimni qabul qildi. Shundan so‘ng u ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev turk kompaniyalari rahbarlarining O‘zbekistonda biznes yuritish borasidagi fikrlari bilan qiziqdi. Turkiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta bozori erkinlashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulayliklar yaratgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Toshkentda Turkiya biznes markazi ochilishi ma’lum qilindi.

Shu kuni Istanbulda O‘zbek-turk biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda energetika ob’ektlari va yo‘l infratuzilmalarini qurish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektr jihozlar, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoatda ishlab chiqarish hamda logistika markazlari sohalarida umumiy qiymati 3,5 mlrd dollarlik 30 dan ziyod hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev yaqin vaqtlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmini yiliga 3−4 mlrd dollarga yetkazish (2016 yilda — 1,2 dollar) bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.