O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi. Bu O‘zbekiston rahbarining 18 yil ichida Turkiyaga qilgan birinchi safaridir.

O‘zA xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Anqarada Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Turkiyaning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on muzokaralarida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya Respublikasi O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996 yilda mamlakatlar o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

2016 yilda o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilning to‘qqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi 29 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Shu yilning o‘zida yurtimizda ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.

Muzokarada o‘zaro hamkorlikda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini imzoladilar.

Bundan tashqari, savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar qabul qilindi.

Tashrifning ikkinchi kuni Shavkat Mirziyoyev Istanbulga safar qiladi. Bu yerda O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.