O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani va XKP 19-qurultoyi muvaffaqiyatli yakunlangani munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarni modernizatsiya qilish va mamlakatni innovatsion yangilashni tezlashtirish bo‘yicha e’lon qilingan reja Xitoyning har tomonlama jadal rivojlanish yo‘lidan yanada ishonch bilan olg‘a intilishi, global ta’sirga ega yetakchi mamlakatlardan biri sifatida uning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi roli va o‘rnini mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz sharofati bilan bugun O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarildi», — deyiladi maktubda.

«Biz gidroenergetika va neft-gaz sohalari, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyalar sohasidagi kooperatsiyalar kabi strategik muhim loyihalarni amalga oshirishga kirishdik. Parlamentlararo va hududlararo aloqalar jadal tus olmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda», — deya qayd etiladi tabrikda.

Uning fikricha, bularning barchasi ulkan salohiyatga ega ko‘p qirrali o‘zbek-xitoy hamkorligi yanada chuqurlashishi, sermahsul aloqalarning yangi yo‘nalishlarini qamrab olishiga mustahkam ishonch beradi.