Oktyabr oyi o‘rtalarida Toshkent markazida xalqaro tadbirkorlik markazining qurilishi boshlandi. Tashkent City Alisher Navoiy va Islom Karimov hamda Olmazor va Furqat ko‘chalari o‘rtasidagi 80 ga maydonga joylashadi.

Ofislar, mehmonxonalari va apartamentlar joylashtiriladigan osmono‘par binolar tasvirlangan bannerlar uch metr balandlikdagi devorlarni yashirib turibdi. Devorlar ortida esa 2000 dan ziyod oila istiqomat qilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri «O‘qchi» va «Olmazor» mahallalariga tashrif buyurib, bir necha o‘n yillardan buyon o‘z uylarining buzilishini kutib yashayotgan kishilar hayoti bilan tanishdi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, buzish to‘g‘risidagi so‘zlar 1950-yillardan buyon yangrab kelmoqda, biroq ular hozirgacha o‘zlarini qanday taqdir kutayotganini bilishmaydi.

Markazdagi ulkan kvadrat — Tashkent City qurilish joyi. Yandeks.Karti.

Hokimiyat binosi buzilishida Abdurasul Jalilov uyining tashqi tomoni zarar ko‘rgan edi.

«2015 yilda birinchi qator uylar buzildi. Uch qavatli hokimiyat va kompyuter texnikasi bilan shug‘ullanuvchi koreys firmasi binolari ham buzildi. Ushbu binolarni buzishda bizning uyimizga zarar yetkazishdi. O‘shandan berishi shunday sharoitda yashab kelayapmiz», — deydi u.

Bolalar darslarni oshxonada qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Uy to‘rt xonalik. Ularning ikkitasida Abdurasul Jalilov akasining oilasi, bittasida uning oilasi, qolgan bir xonada esa otasining oilasi istiqomat qilmoqda. «Jami 10 kishi — akam o‘z oilasi va uch bolasi, men turmush o‘rtog‘im va ikki bolam hamda otam yashaymiz».

Boshqalar qatori Abdurasul aka ham uyining qachon buzilishini bilmaydi. «Uyimni tiklash yoki tiklamaslikni bilmayman. Har yili buzishni va’da qilishadi, shuning uchun hech narsaga tegmaymiz. Ba’zida uy ichini ta’mirlaymiz, devorlarni oqlaymiz, bomjlardek yashamaymizku. Lekin ta’mir uchun katta xarajat ham qilolmaymiz», — dedi u.

2015 yilda oilaga uylari buzilishini ma’lum qilishdi. Ular Yunusobod tumanidan uy ko‘rishdi, o‘sha yerga ko‘chishlari kerak edi, ammo to‘satdan barchasi bekor qilindi. Buzish to‘xtatildi.

Kanalizatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lmagani sababli aholi yuvindilar uchun o‘ralar kovlashadi. Jalilovlar xonadonida bunday o‘ralardan ikkitasi bor. «Kanalizatsiya yo‘q. Suv qayergadir ketishi kerak. Ko‘chaga chiqarib tashlay olmaymiz, odamlar so‘kishadi. Yuvindi o‘ralari sababli yer unchalik hosildor bo‘lmay qolgan», — dedi.

Yulduzxon Ahmedova nevarasi bilan.

Navbatdagi suhbatdoshimiz 61 yoshli Yulduzxon Ahmedov 40 yildan buyon «O‘qchi» mahallasidagi uyida istiqomat qilib kelmoqda. «1976 yilda bu yerga kelin bo‘lib kelganimda, qaynonam bu yerlar tez orada buzilishini aytgan edi, hozir esa qizim 40 yoshga, uning qizi esa 20 yoshga kirdi, lekin hammasini buza olishmadi».

U ko‘chishga qarshi emas, chunki bolalarining yotishga sharoitlar yo‘q. «Ular karavotda yotishni xohlashadi, lekin yerda yotishadi. O‘z darslarini qilishlari uchun xona yo‘q. Hozircha bizga hech narsa ko‘rsatishmadi. Tomorqaga nimadir ekishni xohlaymiz, lekin qila olmaymiz — kanalizatsiya yo‘q, hamma joyda yuvindi o‘ralari», — dedi u.

Shayxontohur tuman obodonlashtirish boshqarmasi.

50 yoshli Abbos Muhammadxo‘jayev ham o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashdi. U «Gazeta.uz» muxbiriga 1924 yilda qurilgan uyini ko‘rsatdi. «Rahmatli otam 1930 yilda tug‘ilgan. Men unga: „Keling, nimadir quraylik, uyimizni yangilaylik“, dedim. U shunday javob qilgandi: „O‘g‘lim, esimni tanibmanki bu yerlar buziladi“, deyishadi, qurib bo‘lmaydi», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oldiga 2010 va 2015 yillarda hujjatlarni tekshirish uchun kelishgan. O‘shanda buzish haqida gapirishgan, lekin haligacha ko‘rsatishgani yo‘q.

Mahalla raisini izlab 82 yoshli Akmal To‘laganovning xonadoniga qadar bordik. U bu xonadonda 1956 yildan buyon yashayotgan ekan. Avval oilasi bilan sal nariroqda — hozirgi «Paxtakor» stadioni o‘rnida istiqomat qilgan.

«Buzish haqida anchadan berish gapirishadi. Men 1935 yilda tug‘ilganman, sal o‘tgandan buzish haqida gapirishni boshlashdi. Maktablar, bolalar bog‘chalari, fabrikalar buzildi, hech narsa qolmadi. Biz qoldik, o‘rab qo‘yilgan [metal devorlar bilan]», — dedi u.

U eski uylarning buzilishi va yangilarining qurilishiga qarshi emas. Bu yer shahar markazi va chiroyli bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi Akmal bobo.

«O‘qchi» mahalla qo‘mitasida mahallada 682 oila (2500 ga yaqin kishi) hisobga olingan. Mahalla hududida 143 ta hovlili va 66 ta ikki qavatli uy joylashgan. «Amalda taxminan 400 oila yashaydi. Qolganlar doimiy propiskaga ega, lekin boshqa joylarda yashashadi», — dedi mahalla qo‘mitasi vakili.

«Olmazor» mahalla qo‘mitasida ham statistik ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishdi. Bu yerda 321 ta uy joylashgan bo‘lib, ularda 1483 oila istiqomat qiladi.

1970 yilda qurilgan eski do‘kon.

Mahalla hududida 1901 yilda bunyod etilgan «Olmazor» masjidi joylashgan. Imom yo‘qligi sababli masjid binosining saqlab qolinadimi, degan savolga javob ololmadik.

Tashrif buyuruvchilardan birining ishonch bildirishicha, masjid saqlab qolinadi, chunki u davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mahallada kichik yodgorlik ham bo‘lib, unga 1941−1945 yillardagi urushda halok bo‘lgan 106 nafar «Olmazor» mahallasi fuqarosining ism-shariflari yozilgan.

Videoreportaj