«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Jamoatchilik fikri ko‘zgusida sud-huquq tizimi islohoti» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. So‘rovda mamlakatning barcha hududlaridan 18 yoshdan yuqori bo‘lgan 1100 kishi ishtirok etdi. Ularning 49,2 foizi ayollar, 50,8 foizini erkaklar tashkil etdi.

Qaysi hududda yashashi, yoshi, mutaxassisligi, ijtimoiy va etnik kelib chiqishidan qat’i nazar aksariyat (81,5 foiz) so‘rov ishtirokchilari sud tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi.

Shu bilan birgalikda, fuqarolarning fikricha, sud tizimida yana bir qator kamchiliklar mavjud. Jumladan sudlarning ular faoliyatiga aralashuvlardan to‘liq mustaqilligi ta’minlanmagan, sudyalar orasida noqonuniy harakatlar, korrupsiya, odamlarga g‘amxo‘rlik qilmaslik holatlari uchrab turibdi, adolat tamoyillari buzilib, ishlarni ko‘rib chiqishda sansalorliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Aksariyat respondentlar sudlarning ular faoliyatiga uchinchi shaxslarning aralashuvidan mustaqilligi ta’minlanmagan, deb hisoblaydi. Ayni paytda mustaqil va xolis sudyalar korpusini shakllantirish uchun yanada ta’sirli choralar ko‘rilishi lozimligi ta’kidlangan.

Qayd etish joizki, sudlar mustaqilligi ta’minlanmagan, deb hisoblovchi respondentlar soni o‘tgan yillarga nisbatan o‘sgan. Bunday fikrni qo‘llab-quvvatlovchi respondentlar soni ayniqsa Qoraqalpog‘iston (22,2 foiz) va Surxondaryoda (21,9 foiz) yuqori. Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 14,3 foiz, Jizzax viloyatida — 11,4 foiz va Toshkentda 9,3 foizni tashkil etgan.