Dushanba kuni Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz"da 13-xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi. 23−27 oktyabr kunlari Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining 76-yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro forumda 50 dan ziyod mamlakatdan 1500 xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi kutilmoqda.

Tadbir doirasida xalqaro paxta bozorining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, raqobatbardosh sanoat xom ashyosi yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash, savdo, logistika va sug‘urta masalalari yuzasidan 16 ga yaqin sessiya o‘tkazilishi kutilmoqda. O‘zbekiston tajribasi misolida g‘o‘za seleksiyasi, agrotexnikasi, hosilni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, tola sifatini baholash kabi masalalar o‘rganiladi.

Akmal Kamolov.

«O‘zpaxtasanoateksport» boshqaruvi raisi Akmal Kamolov o‘z nutqida O‘zbekiston paxtachilik sanoati qarshisida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta maydonlarini qisqartirish sharoitida paxta tolasini ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlash vazifasi turganini ta’kidlab o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun fermer xo‘jaliklarida g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu paxtachilikda sarflanayotgan suvni 65 foizgacha tejash, bir vaqtning o‘zida hosildorlikni oshirish imkonini beradi. tomchilatib sug‘orish va boshqa suvni tejash texnologiyalaridan foydalangan fermerlarga soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Jumladan, ular besh yil muddatga yer va boshqa soliqlardan ozod qilinadi, dedi Akmal Kamolov.

Paxta majmualarini takomillashtirish to‘g‘risida so‘zlar ekan, u Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridagi paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish loyihalarini misol qilib keltirdi. Ushbu klasterlarda paxta tolasini chuqur qayta ishlash, jumladan paxta xom ashyosi va boshqa ekinlarni yetishtirish, ularni qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatdagi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Sohada respublikaning 13 hududida 98 ta paxta tozalash zavodlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda har yili 3 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi qayta ishlanib, 1 million tonna paxta tolasi, 1,6 million tonna chigit, 80 ming tonna lint va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.

O‘zbekistondagi barcha paxta tozalash zavodlari texnik qayta jihozlandi. Ularning 52 tasida to‘liq modernizatsiya va rekonstruksiya loyihalari yakunlandi. 2017—2021 yillarda 46 ta zavodda texnologik jarayonlarni optimallashtirish rejalashtirilmoqda.

Paxta xom ashyosini yig‘ib olishni mexanizatsiyalash O‘zbekiston uchun ustuvor vazifa hisoblanadi, dedi Akmal Kamolov.

«Eng yaqin davrda O‘zbekiston paxtani mashinada yig‘ib olish hajmini qat’iy oshirishni rejalashtirmoqda. Toshkent mexanika zavodi va „Texnolog“ AJ bazasida paxta terish kombaynlarini ishlab chiqarish tashkil etildi. 2016 yilda davlat standartiga kiritilgan mashinada terilgan paxta xom ashyosi sifatiga talablar fermerlarni uning hajmini oshirishlariga rag‘batlantirishga chaqiradi», — deya ta’kidladi u.

Video

Foto