Oliy Liga 25-tur doirasidagi «Buxoro» (Buxoro) hamda «Paxtakor» (Toshkent) klublari o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar sababli «Buxoro» futbol klubi 55 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

«Oliy Liga 25-turi doirasidagi „Buxoro“ — „Paxtakor“ uchrashuvida yuz bergan mojaroli vaziyatlar yuzasidan O‘zPFL yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda, „Buxoro"-"Paxtakor“ uchrashuvida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar, ya’ni futbol uchrashuvi vaqtidagi tartibning to‘liq ta’minlanmaganligi, „Buxoro“ futbol klubi rasmiy xodimlarining belgilangan tartib-intizom va qoidalarga to‘liq rioya etmaganligi, shuningdek, uchrashuv rasmiylarining xavfsizligi yetarli darajada ta’minlanmaganligi kabi holatlar o‘rganib chiqildi», — deyiladi xabarda.

«Paxtakor» hujumchisi Igor Sergeyev almashtirilayotgan vaqtda stadion suxandoni O‘zbekiston termasining sobiq murabbiyi Samvel Babayanga ishora qilgan holda uni «Igor Babayan» deb atagan.

Majlisda videoyozuvlar, uchrashuv nazoratchisi hamda O‘zPFL vakilining bildirgisiga asosan «Buxoro» klubiga nisbatan 55 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llash haqida qaror qilindi. Shuningdek, klub bu kabi hodisalar takrorlangan taqdirda yanada qat’iy sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.