O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 2017 yil 25−26 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyada bo‘ladi, deya xabar qildi O‘zA.

Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Istambul shahriga ham tashrif buyuradi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.