«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi kelgusi yildan boshlab yangi laynerlarni xarid qilish yoki ijaraga olish yo‘li bilan samolyotlar parkini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Aviatashuvchi parvozlar geografiyasini kengaytirish, jumladan mahalliy yo‘nalishlarda reyslarni tashkil etishni mo‘ljallagan.

MAK A320 oilasiga mansub 4 dona klassik namunadagi Airbus hamda yaxshilangan talqindagi F320neo (new engine option) samolyotini sotib olish maqsadida 10 ta yirik xalqaro lizing kompaniyalariga tijoriy takliflarni yubordi. Yangilangan samolyotning yanada tejamkor dvigatellari va yaxshilangan fyuzelaj konstruksiyasi ekspluatatsiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.

MAK matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, lizing masalasida birinchi uchrashuv mumtoz A321 taklif etgan kompaniya bilan o‘tkazildi. Yaqin vaqtlar ichida boshqa kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Aerobuslar 2018 yildayoq xarid qilinishi lozim.

MAK vakili Boeing kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha marketing direktori Ismoil Robban bilan ham uchrashdi. U bilan parvozlar geografiyasini kengaytirish, tashilayotgan yo‘lovchilar sonini oshirish va havo kemalari parkini 2030 yilgacha davrda to‘ldirish masalalari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» yo‘lovchilar uchun bort taomnomasini takomillashtirish, yangi namunalarni ishlab chiqishga Toshkentning yetakchi restoranlarini jalb qilish bo‘yicha rejalar to‘g‘risida ham xabar qildi.

Ayni paytda «Ketring» davlat unitar korxonasi kuniga 4000 komplektdan ziyod bort taomnomasini ishlab chiqarmoqda. Ovqatlanish ratsioni har mavsumda yangilanadi.