O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi, deya xabar qildi O‘zA.

Hujjat Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov va SPP raisi Adham Ikromov tomonidan imzolandi.

Hamkorlik bitimida xususiy mulkchilikni va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ekspert guruhlarini shakllantirish, Qonunchilik palatasida qabul qilinadigan qonun loyihalarining ishlanishi va qabul qilinishi jarayonlariga Savdo-sanoat palatasi vakillarini jalb etish, shuningdek, joylardagi haqiqiy holatni hamda qonun hujjatlarini nazorat-tahlil tartibida o‘rganishda palata vakillari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borish ko‘zda tutilgan.

Bitimga asosan tadbirkorlik sohasiga oid qonun loyihalari ishlab chiqilishida qonun loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash bo‘yicha xulosalar Savdo-sanoat palatasi tomonidan taqdim etib borilishi belgilangan.