Qarshining «Nasaf» futbol jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston terma jamoasini BAA bilan o‘rtoqlik uchrashuviga olib boradi. Bu haqda juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ma’lum qildi.

O‘zbekiston termasi jamoaning yosharishi munosabati bilan tubdan o‘zgaradi. BAA termasiga qarshi maydonga yosh futbolchilar tushadi, deyiladi xabarda.

«Biz kelajak uchun istiqbolli rejalar tuzayapmiz. Shu tamoyilga sodiq qolgan holda milliy terma jamoa tarkibini yoshartirish yo‘lidan boramiz», — dedi Umid Ahmadjonov O‘FF matbuot xizmatiga.

«BAA bilan o‘yin milliy terma jamoa tarkibiga nomzod bo‘lgan yangi yoshlarni saralab olish va ularni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Jamoani maydonga Ro‘ziqul Berdiyev boshlab tushadi», — deya ma’lum qildi O‘FF prezidenti.

O‘FF rahbari terma jamoaga xorijlik murabbiy taklif qilinishi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Biz 20−25 kun ichida milliy terma jamoaga xorijlik murabbiy tayinlanishi haqida aytib o‘tgandik. Bugungi kunda bir qancha nomzodlarni ko‘rib chiqdik, lekin, hozircha, bizning talablarimizga javob beradigani chiqmadi. Ammo, izlanishdamiz, muzokaralar olib bormoqdamiz», — dedi Umid Ahmadjonov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAA bilan 14 noyabr kuni mehmonda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. O‘yin bo‘lib o‘tadigan stadion va uning vaqti haqida keyinroq xabar beriladi.