18 oktyabr kuni Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) direktorlar kengashi O‘zbekistondagi dastlabki ikki loyihani moliyalashtirishni bir ovozdan tasdiqladi. Bu haqda Senatdan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki uchun 100 mln dollar miqdoridagi kredit liniyasini taqdim etish tasdiqlandi. Ularning 70 mln dollari kichik va o‘rta biznes, 30 mln dollari esa savdo-sotiqni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, sharbatlar, sharbat konsentratlari, meva pastalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Agromir Juice» qo‘shma korxonasi uchun 10 mln dollar miqdoridagi kredit liniyasini ajratish tasdiqlandi. Mazkur kredit mablag‘lari Samarqand viloyatida zamonaviy omborxona majmuasini qurishga yo‘naltiriladi.

YeTTB tasdiqlagan loyihalarni imzolash jarayoni YeTTB vitse-prezidenti Filipp Bennetning noyabrning birinchi dekadasida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolanishi kutilmoqda.

Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari hamda YeTTBning O‘zbekistondagi milliy boshqaruvchisi Sodiq Safoyev so‘zlariga ko‘ra, erishilgan ushbu kelishuv YeTTB tomonidan moliyalashtirishlarning ochilishi xolos.

Hozirda bank O‘zbekiston vazirlik va mahkamalari ishtirokida YeTTBning davlat dasturi loyihasini ishlab chiqmoqda. Mazkur loyihaning direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanishi xalqaro moliya institutlarining O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarining kengayishiga imkon yaratadi.