«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi «Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini loyihalashtirish hamda Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti «Toshkent-2» terminalidan foydalanishni optimallashtirish masalalari bo‘yicha «Inchon» xalqaro aeroporti korporatsiyasi (Janubiy Koreya) bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda MAK saytida xabar qilindi.

Koreys tomoni poytaxt aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun konsultant sifatida taklif etildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar loyihalashtirilayotgan «Toshkent-4» terminali hajmlari va loyiha bo‘yicha kapital qo‘yilmalarini hisob-kitob qilish, shuningdek mavjud «Toshkent-2» terminalida qulaylik va servis darajasini ko‘tarish va rejalashtirilgan yechimlarni qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan uning o‘tkazuvchanlik xususiyatini oshirish bo‘yicha konsultantlik qiladi.

«Toshkent-2» terminalining o‘tkazuvchanlik xususiyati bugungi kunda soatiga 1000 yo‘lovchini tashkil etadi. Har yili uning xizmatlaridan 2,5 million yo‘lovchi foydalanmoqda.

«Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini 2019 yil so‘ngiga qadar Koreya Respublikasi hukumati ko‘magida qurish rejalashtirilgan edi. Biroq loyiha vaqtincha to‘xtatildi.