17 oktyabr kuni Tehronga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Javad Zarif bilan uchrashdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Vazirlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqa siyosati muammolari yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlarining Islom hamkorlik tashkiloti sammitida ishtiroki doirasida 2017 yil 11 sentyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning uchrashuvi O‘zbekiston-Eron muloqoti faollashishiga yangi turtki berganligi ta’kidlandi.

Vazirlar tomonlar uchun ahamiyatga ega barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Eronning BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida vazirlar tomonidan O‘zbekiston va Eron tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2018−2019 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzolandi.