O‘zbekistonda o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlarga energetik ichimliklarni sotishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. «Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartishlar kiritishga oid loyiha muhokama uchun normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirildi.

Hujjatda energetik ichimliklarga «organizmning jismoniy va aqliy ishchanlik qobiliyatini oshiruvchi, tarkibida ro‘yxati va chegaraviy hajmi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanuvchi tetiklantiruvchi kimyoviy moddalar mavjud alkogolsiz ichimlik» sifatida belgilangan.

Loyihada energetik ichimliklar reklamasiga qator cheklovlarni joriy etish taklif etilmoqda. Jumladan, reklamada bu kabi ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilinishining salomatlikka zarari to‘g‘risida ogohlantirish hamda ularni iste’mol qilish tavsiya qilinmaydigan shaxslar ro‘yxati keltirib o‘tilishi lozim.

Reklamalarda ichimliklarni iste’mol qilish ijtimoiy hayot va sportda muvaffaqiyatlarga erishish yoki iste’mol qilgan shaxsning jismoniy va psixologik holatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishiga oid taassurotlarni uyg‘otuvchi jarayonlar aks etmasligi zarur.

Elektron ko‘rinishdagi energetik ichimliklar reklamasini 7:00dan 22:00 gacha namoyish etish, shuningdek bolalar va o‘smirlar nashrlarida, bosma nashrlarning birinchi va oxirgi sahifalarida, tibbiyot, sport, maktabgacha, ta’lim muassasalari hamda umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi transport vositalari salonlarida ularni reklama qilishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, reklama maqsadida energetik ichimliklar namunalarini voyaga yetmaganlar o‘rtasida bepul tarqatish, faqatgina voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agarda energetik ichimliklar nomi, tovar belgisi yoki tasvirlaridan foydalanilsa, shuningdek voyaga yetmaganlar o‘rtasida energetik ichimliklar nomi yoki tovar belgisidan foydalanilgan mahsulotlarni tarqatish va sotishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.