O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni qabul qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro savdo hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Checheniston rahbari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda otasi Ahmad hoji Qodirov tahsil olgan islom sivilizatsiyasining tarixiy markazlarini ziyorat qilish maqsadida O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilishga ko‘magi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, u ko‘p millatli o‘zbek xalqiga chuqur ehtiromini bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish borasida olib borayotgan siyosati va xalqaro tashabbuslariga yuksak baho berdi.

Checheniston rahbari matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ramzan Qodirov Toshkentda Hazrati Imom majmuasi hamda Ahmad hoji Qodirovning ustozi va do‘sti bo‘lgan taniqli islom olimi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qabrini ziyorat qildi. Ramzan Qodirov Shayxontohur tumanidagi «Ko‘kcha» masjidi va qabristonini ham ko‘zdan kechirdi.

Ikki kunlik tashrifi doirasida Ramzan Qodirov Samarqand va Buxorodagi islom yodgorliklariga safar qiladi.