O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabr kuni Xorazm viloyatiga keldi, xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari 27−28 yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chog‘ida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, ijtimoiy ob’ektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.

Safar davomida avvalgi tashrifda belgilangan rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishish va hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha vazifalar belgilanishi rejalashtirilgan.

Prezident tashrifni Urganch xalqaro aeroportida bajarilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshladi.

Aeroportda bir soatda 300 yo‘lovchini kuzatish va 300 yo‘lovchini kutib olishga mo‘ljallangan terminallar, xizmat ko‘rsatish xonalari, savdo shoxobchalari tashkil etilgan, yon-atrof obodonlashtirilgan.

Davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq aeroportda rasmiy delegatsiyalar, yuqori martabali mehmonlarni kutib olish uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Prezident bu borada amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar bilan tanishdi. Aeroport faoliyatini takomillashtirish, mehmonlar uchun qulayliklarni yanada oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.