Toshkent prokuraturasi Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirova va boshqa mansabdor shaxslar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-modda (2-qism «g» bandi) — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

6 oktyabr kuni kollejda o‘quvchilar o‘rtasida kelib chiqqan janjal jarayonida ulardan biri boshqa ikkisiga pichoq bilan tan jarohatini yetkazgan. Har ikki o‘quvchi shifoxonaga yotqizilgan, biroq ulardan biri — Asadbek Parpiboyev — qon yo‘qotish natijasida hayotdan ko‘z yumgan.

Kollej ma’muriyati tomonidan ko‘p sonli qoidabuzarliklar sodir etilganini tasdiqlagan Doniyor Toshxo‘jayev shunday dedi: «U (direktor — tahr.) o‘z o‘g‘li Rustam Temirova va qizi Nodira Temirovani o‘qituvchilar tarkibiga ishga olgan, biroq ular bir marta ham mashg‘ulot o‘tkazmagan».

Natalya Temirova na huquqni muhofaza qilish organlari, na hokimiyat va vazirlik [Oliy va o‘rta maxsus ta’lim] tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilgan. U har doim Adliya vazirligiga bo‘ysunishini ta’kidlab kelgan.

IIBB Qoidabuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori Abdurashid Ochilovning xabar qilishicha, 12 sentyabr kuni kollej rahbariyati tashrif buyuruvchilarni tekshirish uchun kelgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini kiritmagan. Kollejda metall detektorlaridan foydalanilmagan.

Hodisadan uch kun muqaddam, 3 oktyabr kuni Toshkent ta’lim muassasalarida tashrif buyuruvchilarni tekshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir jarayonida bir kunning o‘zida uchta pichoq, bolta va yog‘och to‘qmoq aniqlangan, dedi Abdurashid Ochilov. Qoidalarni buzgan bolalarning ota-onalari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Yilning birinchi to‘qqiz oyi davomida shahardagi ta’lim muassasalarida 23 ta pichoq, 1 ta travmatik to‘pponcha, 1 ta bolta, 1 ta yog‘och va 3 ta metall to‘qmoq olib qo‘yilgan.

Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yuridik kollej o‘quvchisi Saidkamron Saidvaliyevga nisbatan JKning 104- moddasi (3-qism «d» bandi) — qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga olib kelsa — bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu ish yuzasidan tergov jarayoni olib borilmoqda, qator ekspertizalar belgilangan. Ular yakuni bo‘yicha ish sudga oshiriladi, dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

Qo‘lga olingandan olingan qon tahlillari gumondor spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lmaganini ko‘rsatdi.