O‘zbekiston o‘z yondashuvlarini jiddiy maqbullashtirish va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi faoliyatidagi ishtirokiga sifat jihatidan yangi sur’at bag‘ishlashni maqsad qilib qo‘ygan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kuni Sochi bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ma’lum qildi.

“MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish „maydoni“ emas. Bu tuzilma biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g‘oyat muhim institutidir, Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar esa bizning doimiy sheriklarimiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimizdir”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori maqomini tashqi ishlar vaziri o‘rinbosaridan Bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarishga qaror qildik. Shuningdek, biz MDH Iqtisodiy kengashidagi ishtirokimizni qayta tikladik, dedi Prezident.

“Biz bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta’lim va ilm-fan, shuningdek, xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz. MDHning biz avval ishtirok etmagan tarmoq organlari faoliyatida ishtirok etishga tayyormiz”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

“Bu boradagi birinchi qadam sifatida 3 noyabr kuni Toshkentda ilk bor MDH Hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi o‘tkaziladi. Sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, biz 2020 yilda Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilish va navbatdagi Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz”, — dedi u.

Hamdo‘stlik doirasida hamkorlikning yangi shakllarini topish zarurligi to‘g‘risida so‘zlar ekan, Prezident quyidagi mulohazalarni bildirdi: “Bugun hayotning o‘zi eskicha yondashuvlar samarasiz ekanini yaqqol tasdiqlamoqda. Asosiy e’tiborni konstruktiv amaliy hamkorlikka qaratish lozim. Biz shiddat bilan oldinga qarab harakat qilishimiz zarur”.

Shavkat Mirziyoyev MDHda O‘zbekiston ishtirokining quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini alohida ta’kidlab o‘tdi: Hamdo‘stlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish, samarali integratsiyalashgan transport tizimini rivojlantirish, amaliy ilmiy-texnik hamkorlik va ta’lim sohasidagi almashinuvni kengaytirish, turizm sohasida salohiyatlarni to‘liq ishga solish, harbiy-texnik sohadagi kooperatsiya darajasini oshirish, shuningdek jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish sohasida hamkorlik qilish.

“Afg‘onistondagi murakkab vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. O‘zbekiston Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDHning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonotni alohida qayd etib o‘tdi. “Bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat va jamiyatning asosini tashkil etadigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozim”. Prezident ushbu muhim sohada tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yilda “Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etdi.