11 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Tojikiston korxona hamda tashkilotlari 27,1 mln dollarlik 19 ta shartnoma va 6 ta memorandum imzoladi. Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari Tadbirkorlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

«O‘ztreyd» kompaniyasi asbestli quvurlar, sanitar-gigiyenik qog‘ozlar, xo‘jalik sovuni, transformator moyi, olovga chidamli g‘ishtlar, issiqlikdan izolyatsiyalovchi materiallar (steklovata) va boshqa tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha 7 mln dollarlik o‘nta shartnoma imzoladi.

2016 yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 197 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Yanvar-sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich 178,2 mln dollarga yetdi.

O‘zbekistonda tojik investitsiyasi ishtirokidagi 24 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning bittasi 100 foizlik xorijiy kapitali hisobiga tashkil etilgan.