O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 6 oktyabrdagi qarori bilan Liftlar xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqladi, deya xabar qildi Norma.uz.

Hujjat talablari yuk ko‘tarish qobiliyati 40 kg dan boshlangan elektr va gidravlik liftlarga taalluqli. Biroq u foydali qazilmalar qazib olinuvchi shaxtalar, suzuvchi va parvoz qiluvchi, shuningdek harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalarda foydalaniluvchi tishli-reykali yoki vintli mexanizmlarga ega liftlarga tegishli emas.

Reglamentga muvofiq, liftlarni montaj qilish, foydalanishga topshirish, muntazam ko‘rikdan o‘tkazish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek texnik tekshiruvdan o‘tkazish ishlarini lift egasi bajaradi. U liftdan belgilangan maqsadlarda foydalanish ustidan ham nazoratni amalga oshiradi.

Liftlarni montaj qilish, ta’mirlash va foydalanishga topshirish bilan ixtisoslashgan tashkilotlar shug‘ullanadi. U bir yilda eng kamida bir marta liftlarni texnik tekshiruvdan o‘tkazib, bu haqda lift pasportiga tegishli qaydlarni kiritadi.

Agarda lift pasportida xizmat ko‘rsatish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish muddati foydalanishga topshirilgandan 25 yil deb hisoblanadi. Foydalanish muddati tugagandan so‘ng «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi ruxsati bilangina undan foydalanishga ruxsat beriladi.

Reglament 2018 yil apreldan kuchga kiradi. Unga qadar «Sanoatgeokontexnazorat» liftlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlashi lozim.