O‘zbekiston Prezidenti 9 oktyabr kuni fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston fermerlari kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli darajada bajara olmadi. U O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aylantirildi.

Aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolayotgani tanqid ostiga olindi. Fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan, deb topildi.

Fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmoqda, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatishda zarur infratuzilmalar yaratilmagan hamda sohada bozor mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan, deb qayd etiladi farmonda.

Hujjat bilan 2018 yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib boriladi.

Ushbu muddatdan boshlab yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishigacha bo‘lgan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi.

2018−2021 yillarda fermer xo‘jaliklari bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantiriladi. 2018 yil 1 oktyabrga qadar barcha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi va ularning yagona reyestri shakllantiriladi.

2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari bekor qilinadi.

Hukumatga chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va qishloq xo‘jaligining boshqa muhim yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarorlari loyihalarini tayyorlash vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, yil oxiriga qadar qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini oshirishda, ayniqsa paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalashtirishda bozor infratuzilmalarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek sohada mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim.