O‘zbekiston termasi dzyudo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasidagi Jahon kubogida 11 medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar qildi Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi «Gazeta.uz"ga.

Jamoa vakillari to‘rtta oltin, uchta kumush va to‘rtta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Janubiy Koreya (4−1−2) va Ukraina (2−0−1) egalladi.

13 ta vazn toifasida 30 ga yaqin davlat sportchilari kurash olib bordi. Shuhrat Boboyev (-90 kg), Sherzod Nomozov (-60 kg), Feruz Saidov (-73 kg) va Parvina Samandarova (-57 kg) Jahon kubogi sovrindori bo‘ldi.

Nurbek Mirzayev (-81 kg), Vasila Aliboyeva (-70 kg) va Sevinch Salayeva (-52 kg) esa kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Sharif Xalilov (-81 kg), Shirin Sharipov (+100 kg), Feruzaxon Yusupova (+70 kg) va Gulruh Rahimova (-70 kg) musobaqaning bronza medallariga ega bo‘ldi.

Musobaqa reglamentiga muvofiq, birinchi o‘rin egalari oltin medal va 1000 dollar — ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlar kumush medal va 500 dollar, ikkita uchinchi o‘rin sohiblari esa bronza medallari va 300 dollardan pul mukofotiga ega bo‘lishdi.