Sobiq Ittifoqdan so‘ng tez-tez raqobatga kirishgan, bahsli chegaralarga ega Markaziy Osiyo bugun bu yerda o‘n yillar davomida kuzatilmagan avvalgi kelishmovchiliklarni hal etish va hamkorlikning yangi darajasini o‘rnatish sari intilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashrining 5 oktyabrdagi soni e’lon qilingan maqolada so‘z boradi. Maqolaning qisqa tarjimasi «Jahon» AA tomonidan e’lon qilindi.

Muallif Yaroslav Trofimov Markaziy Osiyo aholisining 45 foizi istiqomat qilayotgan va mintaqaning barcha mamlakatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega O‘zbekistonning yangi mintaqaviy qarashlari o‘zgarishlarning asosiy va harakatlantiruvchi kuchi ekanini ta’kidlaydi.

Maqolada Markaziy Osiyoni o‘zbek diplomatiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishi ekanini belgilab bergan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy faoliyatiga yuqori baho berilgan.

Jurnalist Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqidan iqtibos keltiradi: «Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir… Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz».

Muallifning fikricha, O‘zbekistonning dadil va faol odimlari Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu o‘tmishda zo‘ravonlik ekstremizmining bo‘y ko‘rsatishi uchun sabab bo‘lgan millatlararo keskinlikning pasayishiga ham xizmat qilishi mumkin.

Muallif O‘zbekiston Prezidentining bir necha hafta muqaddam qo‘shni Qirg‘izistonga borgani, uning so‘nggi yillardagi ilk yuqori darajali tashrif bo‘lganini eslab o‘tadi. Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi davlat chegaralari to‘g‘risidagi tarixiy Shartnoma imzolandi. Uning ortidan amaliy qadamlar tashlandi: chegara punktlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi va o‘zaro safarlardagi ko‘p sonli cheklovlar olib tashlandi. Bularning barchasi ulkan muvaffaqiyat. Boisi chegaradagi keskinlik davlatlar o‘rtasidagi aloqalarda murakkab masalalardan biri hisoblanadi.

Chegara muammolarining hal etilishi, The Wall Street Journal fikricha, har ikki davlat fuqarolariga yillar davomida ko‘rishmagan qarindosh va do‘stlarinikiga tashrif buyurish imkonini berdi. O‘zaro savdo hajmining keskin oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Maqolada Tojikiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Muallifning ta’kidlashicha, 2017 yilda 25 yil ichida ilk bor Toshkent va Dushanbe o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Ko‘rgazmalar, ekspozitsiyalar va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish doimiylik kasb etdi. Tashqi ishlar vazirining qo‘shnilar bilan do‘stlik aloqalarining o‘rnatilishi zarurligi to‘g‘risidagi mulohazalari keltirib o‘tiladi. «Busiz biz na xavfsizligimizni, na barqaror rivojlanishni kafolatlay olmaymiz», — deya O‘zbekiston TIV rahbari so‘zlaridan iqtibos keltiriladi.