20 oktyabrdan shahar va xalqaro telefoniya narxlari oshiriladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 4 oktyabr kuni tasdiqlagan yangi narxlar «O‘zbektelekom» kompaniyasi saytida e’lon qilindi.

Aholi uchun shahar telefon tarmog‘idan foydalanganlik uchun oylik abonent to‘lovi vaqtbay to‘lov asosida bo‘lganda 2350 so‘mdan 3000 so‘mga (qishloqlarda esa 1035 so‘mdan 1350 so‘mga), abonent to‘lov tizimida — 3090 so‘mdan 4000 so‘mgacha (qishloqlarda — 1520 so‘mdan 2000 so‘mga) oshiriladi. Tashkilotlar uchun tariflar mos ravishda o‘rtacha 30 foizga oshiriladi.

Chet el mamlakatlariga qo‘ng‘iroqlar narxi ikki barobarga qimmatlashadi. Masalan, Markaziy Osiyo abonentlari bilan bir daqiqa suhbatlashish narxi 500 so‘mdan 1000 so‘mga, Rossiya, Ukraina va Belarusga — 550 so‘mdan 1100 so‘mga, Yevropa mamlakatlariga — 1140 so‘mdan 2280 so‘mga oshiriladi.

Telegraf xizmatlari narxi ham ikki barobarga qimmatlashadi. O‘zbekiston bo‘yicha oddiy telegrammada bitta so‘z uchun avvalgi 44 so‘m o‘rniga 88 so‘m, tezkor telegramma uchun esa 220 so‘m o‘rniga 440 so‘m belgilandi. Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyaga oddiy telegramma jo‘natishda bitta so‘z uchun 290 so‘m o‘rniga 580 so‘m, tezkorda esa 580 so‘m o‘rniga 1160 so‘m to‘lash talab qilinadi.

O‘zbekiston bo‘ylab shaharlararo qo‘ng‘iroqlar uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldi. Telekommunikatsiya xizmatlari uchun narxlar so‘ngi bor 2016 yil 1 iyulda oshgan edi.