Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi «Bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish to‘g‘risida"gi qo‘shma qarorni imzoladi, deya xabar qildi O‘FF matbuot xizmati.

Hujjat bolalar va o‘smirlar futbolini yanada rivojlantirish, futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, akademiyalari va olimpiya zaxiralari kollejlarining futbol bo‘limlarida tarbiyaviy va o‘quv mashg‘ulotlarining sifatini yaxshilash, yosh futbolchilar mahoratini yanada oshirish, professional hamda terma jamoalarga zaxira va iqtidorli futbolchilarni tayyorlash va ular orasida saralashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan tashkil etiluvchi maxsus ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, Futbol klublari qoshidagi akademiyalar va Olimpiya zaxiralari kollejlari hamda barcha sport maktablari faoliyatini o‘rganib chiqadi. O‘rganishlar tahlili asosida bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish bo‘yicha 2018−2023 yillarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqiladi.

Futbolga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga iqtidorli yosh futbolchilarni tanlab olish sifatini, xolisligini hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida imtihonlar O‘FF tavsiya etgan mutaxassislar ishtirokida o‘tkaziladi. Respublikada quriladigan futbol sport inshootlarini loyihalashtirish, qurilish ob’ektlarini topshirish jarayonlarida O‘FF mutaxassislarining ishtirok etishi belgilandi.

Qarorda futbolga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida shug‘ullanuvchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumot va ko‘rsatkichlar to‘plangan yagona elektron bazani shakllantirish rejalashtirilgan.

Hujjatga muvofiq, o‘smir va yosh futbolchilar o‘rtasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati har yili o‘tkaziladi.