Boks bo‘yicha O‘zbekiston termasi qozoq boks maktabi asoschisi Shokir Boltekuli xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan 10- xalqaro musobaqada to‘qqiz medalni qo‘lga kiritdi. Turnir 5−7 oktyabr kunlari Aqtau (Qozog‘iston) shahrida bo‘lib o‘tdi.

Boks federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Polsha, Ozarbayjon, Finlyandiya, Mo‘g‘iliston, Turkmaniston, Belarus, Armaniston, Gruziya va Qozog‘istondan 200 nafardan ziyod bokschi ishtirok etdi. 10 ta medallar jamlanmasi o‘ynaldi.

Milliy terma jamoa vakillari to‘rtta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Qozog‘iston termasidan keyingi o‘rinni band etdi.

Elnur Abduraimov (64 kg gacha vazn toifasi), Mahmud G‘oipov (69 kg gacha), Isroil Madrimov (75 kg gacha) va Bahodir Jalolov (+91 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Otabek Xolmatov (56 kg gacha) va Madiyor Saidrahimov (81 kg gacha) vitse-chempion nomiga sazovor bo‘ldi.

Mironshoh Ibragimov (49 kg gacha), Murodjon Ahmadaliyev (60 kg gacha) va Sanjar Tursunov (91 kg gacha) bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Isroil Madrimov musobaqaning eng yaxshi bokschisi bo‘ldi.