6 oktyabr, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning O‘zbekistonga uyushtirgan davlat tashrifining ikkinchi kunida davlatlar o‘rtasida oltita hujjat imzolandi. Tashrifning birinchi kunida tomonlar ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiya va 12 ta boshqa hujjat imzolangan edi.

Xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara hududlarida ishonch choralari bo‘yicha bitim, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Alabuka tumanidagi Orto-Tokoy (Kosonsoy) suv omboridan foydalanish bo‘yicha hukumatlararo bitim, «O‘zbekgidroenergo» va Qirg‘iziston Milliy energetika xolding kompaniyalari o‘rtasida Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek 2017−2018 yillarda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, 1996 yil 4 sentyabrdagi Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnoma imzolandi.