O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyadagi yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan va jabrlanganlarni Mudofaa vazirligi samolyoti bilan vatanga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzishni topshirdi.

O‘zbekiston hukumati halok bo‘lgan va jabrlanganlarning oilalariga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

O‘zbekiston tashqi va ichki ishlar vazirliklari YTHga uchragan mamlakat fuqarolarining shaxsini aniqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi.

Bundan avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Rossiyaga yo‘l olgan tibbiy xodimlar guruhi tarkibidan jarroh, neyrojarroh, travmotolog, ortoped, anesteziolog va nevrolog o‘rin olganini xabar qilgan edi. Ular tibbiy jihoz va dori vositalari bilan ta’minlangan. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazida jarohatlanganlar uchun palatalar hozirlab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida avtobus va yo‘lovchi poyezdi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lishi natijasida 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi.