O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 4 oktyabr kuni 12-yalpi yig‘ilishda qonunchilikka kiritilayotgan jinoyatga aloqador bo‘lmagan shaxslarning mol-mulkini musodara qilishni taqiqlovchi o‘zgartishni tasdiqladi.

Senatorlar tasdiqlagan qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga gumondor, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jazoga hukm etilgan shaxsga tegishli jinoyat quroli hisoblangan predmetlarni musodara qilishga oid o‘zgartishlar kiritiladi. Shu bilan bir qatorda, sanab o‘tilgan shaxslarga tegishli bo‘lmagan mol-mulklar musodara qilinmaydi va qonuniy egasiga qaytarib beriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, endilikda huquqbuzarga tegishli bo‘lmagan mol-mulk ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishda bevosita yoki bilvosita qurol sifatida foydalanilgan bo‘lsa, musodara etilmaydi. Ushbu o‘zgartishlar faqatgina savdo aylanmasidan olib qo‘yilgan mulklarga taalluqli emas.

Bunga qadar fohishabozlik yoki odam savdosini tashkil etishda foydalanilgan ko‘chmas mulklarning musodara etilishiga oid hodisalar kuzatilgan edi. Bunda mol-mulk jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilinib, ayrim hollarda bu haqda mulk egasiga ham ma’lum qilinmagan.