Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Qonun shu kuni Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlangan, 28 sentyabr kuni esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan edi.

5 sentyabr kuni O‘Zbekiston Prezidentining Bishkekka davlat tashrifi jarayonida imzolangan shartnomaga ko‘ra, tomonlar 1170,53 kilometrlik yoki 85 foiz davlat chegaralari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Parlament yuqori palatasining chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarning qolgan qismi yaqin vaqtlar ichida xatlanishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni 2 oktyabrda imzoladi. Qirg‘iziston rahbari 5−6 oktyabr kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi.