O‘tgan shanba kuni kechasi Toshkentda bo‘lib o‘tgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki ayol hayotdan ko‘z yumdi. Poytaxt IIBBning xabar qilishicha, 30 yoshli Spark haydovchisi (asosiy suratdagi avtomobil) yo‘lning harakatlanish qismida urib yuborgan ikki piyoda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia avtomobiliga urilgan.

Hodisa 19:20 da Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti yotoqxonasi qarshisida (Yunusobod tumani Osiyo ko‘chasi) sodir bo‘lgan. Ayollarning biri 22, ikkinchisi 30 yoshda bo‘lgan, ular Toshkent tibbiyot akademiyasida hayotdan ko‘z yumgan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Ushbu hodisadan ikki kun muqaddam, 27 sentyabr kuni kechki vaqtda Captiva avtomobili Amir Temur ko‘chasidagi boshqarilmaydigan piyodalar o‘tish yo‘lida 27 yoshli erkakni urib yuborgan edi. Facebook foydalanuvchilari uning Andrey Demkin ekanini ma’lum qilishgan.

29 yoshli haydovchiga nisbatan JKning 266-moddasi (2-qism) bo‘yicha (transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

25 sentyabr kuni esa 8:00 da Lacetti avtomobilining 25 yoshli haydovchisi Chilonzor tumanining Bunyodkor ko‘chasidagi «Oq tulpor» restorani qarshisida piyodani urib yubordi. 1981 yilda tug‘ilgan ayol voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi. JKning 266-modda (2-qism) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Qat’iy choralar ko‘rish lozim

Yil boshidan buyon poytaxt ko‘chalarida o‘nlab insonlar vafot etdi. Mamlakat miqyosida oladigan bo‘lsak, yiliga minglab kishilar hayotdan ko‘z yummoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, YTH, bu — tasodifiy hodisa emas. Yo‘llardagi avariyalarning ko‘pchiligiga savodsizlik bilan loyihalashtirish ham sabab bo‘ladi. Buni yillar davomida butun dunyoda tan olingan ko‘cha va yo‘llar qurilishidagi usullarni inkor etish oqibati deb ham baholash mumkin.

Insonlar manfaatlari ustuvor ahamiyatga ega mamlakatlarda barcha minbarlarda bolalar va keksalar to‘g‘risida hamxo‘rlik qilish haqida so‘z boradi. Har bir yirik YTH chuqur tahlil qilinishi, bu kabi hodisalarga boshqa yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishi lozim. Toshkentda esa yillar davomida odamlar bitta joyning o‘zida g‘ildiraklar ostida halok bo‘lishda davom etmoqda.

Aksariyat hollarda «haydovchilik madaniyati"ning pastligi asosiy sabab qilish odat tusiga kirgan bo‘lsa ham, yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish masalasiga panja ortidan qaraladi.

Biz biror marta bo‘lsa ham yo‘llardagi YTHga olib keluvchi shart-sharoitlar uchun javobgarlikka tortilgani haqida eshitganmizmi? Piyodalar o‘tish yo‘laklari va chorrahalardagi uzoqni o‘ylab o‘rnatilmagan panjaralar, svetoforlar va xavfsiz orolchalarning mavjud emasligi, noto‘g‘ri chizilgan yo‘l chiziqlari yoki yo‘l belgilarining yetishmasligi, yo‘l qoplamalarining nosozligi — chuqurlar?

O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining faoliyati samarasiz tashkil etilganini tan olish vaqti kelmadimi? Ko‘rilayotgan choralar allaqachon eskirganinichi? Nima sababdan ko‘chalarda YHXDX xodimlari haddan ziyod ko‘p bo‘lsa ham avariyalar soni kamaymayapti?

Noma’lum sabablarga ko‘ra O‘zbekiston avariyalar va o‘limlarga asosiy sabab tezlikning yuqori ekanini allaqachon tushunib yetgan rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishga harakat qilmayapti. Vaholanki rivojlangan davlatlarda shahar ko‘chalarida transport vositalarining ruxsat etilgan eng yuqori tezligi 50 km/soatni tashkil etadi. Maktab va bog‘chalar yaqinida esa «30 km/s» zonasi joriy etilgan. Ushbu zonalarda shunday sharoitlar qilinganki, haydovchilar istagan taqdirda ham belgilangan tezlikdan oshira olmaydi.

«Dastlab olimlarimiz tadqiqotlar o‘tkazishlari kerak. Tezlikning pasaytirilishi ekologiyaning yomonlashuviga olib keladi. Agarda maktab o‘quvchilari YHX qoidalariga rioya etmasa, bunga ota-onalar aybdor», — bular turli davra suhbatlarida «Gazeta.uz» savollariga YHXDX vakillarining javoblari.

Tayyor, o‘rganilgan va asoslangan takliflar ko‘plab mamlakatlarda o‘n yillardan buyon muvaffaqiyatli joriy etilib, yo‘llarda o‘lim darajasining sezilarli darajada kamayishiga erishilmoqda. Faqatgina yo‘llarda o‘lim holatlarini yuz foiz yo‘qotish maqsadini qo‘yish va shunga harakat qilish lozim. bizda esa avtomobillar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Material tayyorlanish asnosida 2 oktyabr kuni jurnalist Galina Chebakova (Kostikova) YTH natijasida hayotdan ko‘z yumgani ma’lum bo‘ldi. U o‘z uyidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda sayr qilishga chiqqan edi.