Toshkent va Toshkent viloyatining eng olis shahri Bekobod o‘rtasida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati.

Shahar tashqarisiga poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 avgustda Bekobodga safari chog‘ida ilgari surgan edi.

Poyezd 183 km masofani 2 soatu 45 daqiqa ichida bosib o‘tadi. Elektropoyezd Xovos, Yangiyer va Guliston shaharlarida to‘xtaydi.

Reys kuniga bir marotaba amalga oshiriladi. Yaqin vaqtlar ichida harakat jadalligini kuniga ikki martaga oshirish rejalashtirilgan.

Poyezd tarkibi oltita vagondan iborat bo‘lib, havo sovitish tizimi bilan ta’minlangan. Vagonlar Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodida modernizatsiya qilingan.

Poyezd ishga tushishi arafasida Bekobod vokzali rekonstruksiya qilindi. 150 o‘ringa ega kutish zalida ona va bola xonasi, tibbiyot punkti hamda oziq-ovqat do‘koni mavjud.