O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi «Vodil» chegara posti (Qirg‘iziston tomonidan — «Qadamjoy») soddalashtirilgan tartibda ishlashni boshladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. 2 oktyabr kuni bu yerda O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati va Qirg‘izistonning Botken viloyatlari vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston bilan 447,4 kilometrlik chegara hududiga ega Farg‘ona viloyati uchun chegara munosabatlari g‘oyat muhim strategik ahamiyatga ega. So‘x hamda Farg‘ona tumanlarining Shohimardon va Yordon qishloqlari aholisi uchun qo‘shni davlatga bordi-keldi qilish birmuncha og‘riqli masalaga aylanib qolgan edi.

Prezidentning sentyabrda Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi jarayonida qator muammolar qatori chegaralarni kesib o‘tishga aloqador masalalarga ijobiy yechim topilgan edi.

6 sentyabrda «Do‘stlik» chegara posti soddalashtirilgan tartibda kunu tun ishlashni boshlagan bo‘lsa, sentyabr so‘ngida «Kosonsoy» chegara posti o‘z faoliyatini qaytadan boshladi.