O‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin Xitoyning Chendu shahrida o‘tgan musobaqada g‘alaba qozonib, o‘z karerasidagi ikkinchi ATP g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) matbuot xizmat xabar qildi.

Final bahsida Denis Istomin (dunyoning 53-raketkachisi) kiprlik Markos Bagdatis (85) bilan uchrashdi. O‘zbekistonlik final bahsining birinchi partiyasida 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Kiprlik kortda yiqilib tushganidan so‘ng beldagi og‘riq sababli o‘yinni davom ettira olmadi. Uchrashuv 24 daqiqa davom etdi.

G‘alabaga erishish yo‘lida 31 yoshli Denis Istomin 21 yoshli rossiyalik Karen Xachanov (42) va 20 yoshli amerikalik Jared Donalds (56), shuningdek yarim finalda yaponiyalik Yuiti Sugita (43) kabi yorqin tennis yulduzlarini mag‘lubiyatga uchratdi.

Chengdu Open musobaqasi g‘olibligi Denis Istomin uchun mavsumdagi birinchi, yakkalik razryad bo‘ycha karerasidagi ikkinchi titul hisoblanadi. O‘zbekistonlik sportchi 183,4 ming dollarlik sovrin va 250 reyting ochkosini qo‘lga kiritib, reytingda 78-pog‘onadan 53-ga ko‘tarilib oldi. Markos Bagdatis esa 96,6 ming dollar va 150 reyting balga ega bo‘ldi.