Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonga olib kirilayotgan yangi transport vositalari (tibbiy maqsadlarga mo‘ljallanganlaridan tashqari) uchun aksiz solig‘i stavkasi 1 oktyabrdan boshlab bojxona qiymatining 2 foizi miqdoriga qadar pasaytirildi.

Bu O‘zbekiston Prezidentining 29 sentyabrdagi mamlakat hududiga olib kiriladigan aksizosti mahsulotlari uchun import bojxona bojlari va aksiz soliqlari stavkalarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutgan qaroridan o‘rin olgan.

Bunga qadar bunday imtiyoz faqatgina Rossiya va Ukrainada ishlab chiqarilgan transport vositalariga taalluqli edi.

Undan avvalroq «KazAvtoProm» Qozog‘iston avtomobil sanoati korxonalari kengashi O‘zbekistonga olib kiriluvchi avtomobil texnikasiga yuqori aksiz stavkalaridan noroziligini bildirgan edi.

Sentyabr o‘rtasida Toshkentda Qozog‘iston Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston korxonalari ishlab chiqargan avtomobillar ham taqdim etilgan. Bir vaqtda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-qozoq biznes-forumida O‘zbekiston bozoriga avtomobil texnikasini yetkazib berish rejalari to‘g‘risida e’lon qilingan edi.