O‘zbekiston Prezidenti 28 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, qaror Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida va ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi ishtirokining samaradorligini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini bajarishda Hukumat mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Vakolatli vakilning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  1. Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashda o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash, ularni Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida ko‘rib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etish;
  2. Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama etish va Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etish;
  3. Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatida, avvalambor, mamlakat parlamentida qonunlarni ko‘rib chiqish, muhokama etish va qabul kilish jarayonlarida yaqin hamkorligini tashkil etish;
  4. Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etish;
  5. qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqilishi haqida Vazirlar Mahkamasiga tizimli asosda axborot berish;
  6. yangi qabul qilingan qonunlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining topshiriklari, rejalari hamda qarorlari tayyorlanishini tashkil etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amaldagi qonunlar bajarilishini o‘rganish hamda tahlil kilish;
  7. qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirokini ta’minlash.

Vakolatli vakil O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. U o‘z faoliyatini Bosh vazir rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning o‘zida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Vakolatli vakilga qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish dasturlarining o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi hamda amalga oshirilishi, Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qo‘mitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari majlislarida qonunlar loyihalari va qonunlarni ko‘rib chiqishda ularni har tomonlama asoslash, iqtisodiy, moliyaviy, huqukiy va boshqa turdagi ekspertizadan to‘liq o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklandi.

Vakolatli vakil va uning apparati Hukumat binosida joylashtiriladi.