O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat o‘qituvchi va murabbiylarini 1 oktyabrda nishonlanadigan kasb bayrami bilan tabrikladi.

«Bugun ushbu qutlug‘ ayyomni mamlakatimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘’tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz», — deyiladi tabrikda.

«Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.», — deya ta’kidladi Prezident.

«Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygan hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasini 2017−2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi avvalo ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh bo‘la olishimiz bilan uzviy bog‘liq, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi» — deya davom etdi davlat rahbari.

U o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bevosita ta’lim-tarbiya sohasiga daxldor bo‘lgan 74 ta farmoni, qaror va farmoyishi qabul qilinganini esga oldi. Mamlakat 11 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tdi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi va filiallar tashkil etish, 16 ta universitet va institutda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlar ochish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish, pedagog kadrlar va xalq ta’limi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev: «Ayni vaqtda biz ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab dolzarb vazifalar turganini yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz», — dedi.

Mamlakat rahbari terrorizm va ekstremizm kabi butun insoniyatga tahdid solayotgan xavflarga qarshi kurash mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi: «Bugungi kunda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hayot oldimizga qo‘yayotgan bir-biridan murakkab va muhim masalalarni hal qilish haqida o‘ylar ekanmiz, ularning yechimi aynan ta’lim-tarbiya bilan, yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak ma’naviyat va ma’rifat asosida shakllantirish bilan bog‘liq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz».

«Siz, azizlarning ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni munosib qadrlash uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyormiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.