Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi, deya xabar qildi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov juma kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida.

«Biz hozirda amalga oshirilajak tashrif ustida ishlayapmiz. Aniq sanalar hozircha belgilangani yo‘q, biroq o‘ylaymanki, biz bu masalani uzoq cho‘zmaymiz», — dedi tashqi siyosat mahkamasi rahbari.

«Afg‘onistonda muayyan keskinlik saqlanib qolayotganiga qaramasdan, biz savdo, iqtisodiy, gumanitar aloqalarni rivojlantirishda davom etmoqdamiz. Afg‘oniston — bizning qo‘shnimiz, umumiy chegaralarga egamiz, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston hududida bir necha million o‘zbek istiqomat qilmoqda, ushbu mamlakat bilan ko‘p asrlik tarixiy, madaniy, gumanitar aloqalarimiz bor», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Tashrif doirasida ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarini, jumladan O‘zbekistonning ayrim loyihalar, xususan yo‘l-transport kommunikatsiyasiga aloqador loyihalarda ishtirok etishi ehtimollarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini ham muhokama qiladi.